O‘zbekiston Muzliklar bo‘yicha xalqaro konferensiyada yashil kun tartibini ilgari surdi
2025-06-03 08:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda 90 mamlakatdan 2500 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, BMT, xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish chog‘ida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon muzliklarning tez erishi sharoitida global hamkorlikka chaqirdi va ularni o‘rganish bo‘yicha kompleks ekspeditsiya tashkil etishni taklif qildi. E.Rahmon o‘z nutqida Tojikiston tashabbusi bilan 2025-yil Xalqaro muzliklarni saqlash yili, 21-mart esa Butunjahon muzliklar kuni deb e’lon qilinganini ta'kidladi. Tojikiston prezidenti muzliklarni himoya qilish bo‘yicha global strategiya yaratish, shuningdek, Muzliklarni saqlash xalqaro jamg‘armasi mablag‘larini ko‘paytirish zarurligini qayd etdi. 2025–2034-yillarni Kriosfera fanlari bo'yicha harakatlar o'n yilligi deb e'lon qilish bo'yicha Fransiya bilan qo'shma taklif ham ilgari surildi.
Oliy darajadagi yalpi majlisdagi nutqida A.Abduhakimov Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi va barqaror rivojlanish uchun muzliklarni asrab-avaylash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, jumladan, “Yashil makon” tashabbusi, Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish, yashil texnologiyalar va suvni tejash tizimlarini joriy etish loyihalari bilan tanishtirdi. Ishtirokchilar shu yilning iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Eco Expo Central Asia” ko‘rgazmasiga ham taklif etildi.
Vazirlar muloqoti doirasida iqlim barqarorligi, muzliklarni saqlash va suv sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston ekologik siyosatga kompleks yondashuvni taqdim etdi: "yashil" iqtisodiyot strategiyasi, Milliy moslashish rejasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqlim kengashi va Milliy iqlim markazini tashkil etish. RESILAND loyihasi (142 million dollar), Kopernik dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik va muz koʻllarini monitoring qilish boʻyicha YUNESKO loyihalarida ishtirok etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Iqlimshunoslikka bag‘ishlangan sessiyada mintaqa davlatlari iqlim bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini yaratish zarurligini muhokama qildi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoni “yashil” rivojlantirish konsepsiyasini yakunlash va 2026-yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash bo‘yicha ekspert guruhini shakllantirishni taklif qildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining ("Green University") ekologiya, suvni tejash va qayta tiklanadigan energiya sohalarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilmiy platforma sifatidagi roli ham tasdiqlandi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo+YaIJ” formatida davra suhbati tashkil etilib, unda mintaqaviy loyihalar samaradorligini oshirish yo‘llari va Yashil iqlim jamg‘armasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston tomonining YaIJ bilan muvofiqlashtirish boʻyicha davlatlararo ishchi guruhini tuzish taklifi bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Bu loyiha konsepsiyalari to‘plamini shakllantirish va moslashish tashabbuslarini moliyalashtirishni oshirish imkonini beradi.
Anjuman “Suv, yer va iqlim o‘zgarishi (NEXUS)” mintaqaviy dasturini muhokama qilish bilan yakunlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillariga GEFga 26 million dollarlik yakuniy loyiha hujjati taqdim etilgani haqida maʼlumot berildi. O‘zbekiston mintaqadagi boshqa davlatlar qatori o‘zgaruvchan iqlim sharoitida suv va yer resurslarini barqaror boshqarishga qaratilgan ushbu keng ko‘lamli tashabbusni amalga oshirishda kelgusida ham ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.