Atrof-muhit
Ramatov Achilbay Jumaniyazovich
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari
Abduxakimov Aziz Abdukaxarovich
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri - Bosh ekologik inspektor
Islamov Bobir Farxadovich
O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri
Mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni ta’minlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, respublika aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarga erishishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi PF-5863-son Farmoni bilan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi tasdiqlangan.
Kontseptsiya erishilgan natijalar, maqsadli ko‘rsatkichlar va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga alohida-alohida tasdiqlanadigan «yo‘l xaritalari» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
2024-yilning 24-sentabr kuni “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha 2024–2030-yillarga moʻljallangan milliy dastur tasdiqlandi.
2024-yil 25-noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 783-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan 347 ta kichik stansiyalar o‘rnatiladi. Yangi qarorda ushbu stansiyalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini sifatli yuritish uchun atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifalarga mansub xo‘jalik yurituvchi subyektlarga atmosferaga ustuvor turg‘un ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlamalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalari o‘rnatiladi. Yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlari o‘rnatiladi va mavjudlari modernizatsiya qilinadi. Sanitar himoya zonalari avtomatik statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlanadi.
Respublikada qazib chiqarish va qayta ishlash korxonalari, qurilish industriyasi korxonalarining mineral xomashyo bazasini yaratish va kengaytirish chora-tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Nodir va kamyob yer metallari, agrokimyo va kon-ruda xomashyosi, qurilish materiallari, yer osti chuchuk va mineral suvlari zaxiralarini ko‘payishi ta’minlanmoqda.
O‘tgan vaqt mobaynida respublikada yer qa’ridan foydalanish samaradorligini oshirish va uni muhofaza qilish, mineral-xomashyo resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, hududlarda zamonaviy sanoat ishlab chiqarishini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan bir qator kompleks chora-tadbirlar maqsadli amalga oshirildi.
Yer qa’rini kompleks geologik o‘rganish, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish dasturlarini samarali amalga oshirish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha yagona geologiya xizmati tashkil qilindi.
Geologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, o‘qitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, geologiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, geologiya sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni yetarli darajada ta’minlash, yer haqidagi fanlar, shu jumladan ularning fundamental yo‘nalishlari hamda amaliyot o‘rtasida real integratsiyalashuv jarayoni uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Geologiya fanlari universiteti geologiya sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlovchi ilmiy klaster hamda malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublikaning tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi.