Toshkentda “INNOPROM. Central Asia – 2025” ko‘rgazmasi ochildi
2025-04-29 10:40:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun: INNOPROM. Central Asia — bu 2021-yildan beri O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazib kelinayotgan har yili o‘tkaziladigan xalqaro sanoat ko‘rgazmasidir. “INNOPROM. Central Asia – 2025” ko‘rgazmasi 18 000 kv. metr maydonda tashkil etilgan bo‘lib, shundan 4 143 kv. metri O‘zbekistonning milliy ekspozitsiyasiga ajratilgan. Ko‘rgazmada 200 dan ortiq o‘zbek kompaniyalari tomonidan qariyb 100 turdagi mahalliy mahsulotlar, shuningdek, 50 dan ortiq xorijiy kompaniyalar va 5 ta milliy ekspozitsiya (O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston) namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaga 10 000 dan ortiq tashrif buyuruvchilar kelishi kutilmoqda.
Tadbirda spiker sifatida Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev nutq so‘zladilar.
Ko‘rgazmada qurilish, elektrotexnika, avtomobilsozlik, mebel va yengil sanoat, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, energetika, axborot texnologiyalari va boshqa tarmoqlarda innovatsion yechimlar va mahsulotlar namoyish etilgan. Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish korxonalarining faol ishtiroki ta’minlanib, O‘zbekistonning turizm va gastronomiya salohiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jamshid Xo‘jayev foydali qazilmalarni qazib olish, agro sanoat majmui va qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, IT texnologiyalar va yangi texnologiyalar almashinuvi sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida transport infratuzilmasini rivojlantirish, savdo va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mashinasozlik va stanoksozlik, tog‘-kon sanoati, kimyo, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi sanoatida innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Bu borada, xususan, O‘zbekiston hududlarida yuqori texnologik standartlar asosida industrial parklar tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining o‘rinbosari Denis Manturov “INNOPROM. Central Asia” ko‘rgazmasining imkoniyatlarini yuqori baholab, O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini e’tirof etdi hamda ko‘rgazmada ishtirok etayotgan kompaniyalarni o‘zbek hamkorlari bilan yangi istiqbolli aloqalarni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga chaqirdi.
Kun yakunida turli mamlakatlarning vazirliklari, soha birlashmalari va yirik kompaniyalari o‘rtasida transport va logistika, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan va innovatsiyalar, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, kimyo sanoati, raqamlashtirish va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi loyihalarga asos soluvchi ikki tomonlama hujjatlar imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.