Adliya vaziri A.Tashkulov Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashining 19-majlisida ishtirok etdi.
2025-06-26 09:00:00 / Yangiliklar

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, MDH mamlakatlari oʻrtasidagi muloqotning mazkur formati huquqiy sohada faol hamkorlik qilish, milliy darajada qabul qilingan muvaffaqiyatli amaliyotlar bilan oʻrtoqlashish hamda yangi qoʻshma tashabbuslarni ishlab chiqish imkoniyatini bermoqda.
Adliya vaziri A.Tashkulov Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirliklari oʻrtasida maʼlumotlar almashish yagona elektron platformasining konsepsiyasini taqdimot qildi.
Mazkur elektron platforma hamdoʻstlik hududida oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirib, fuqarolarimizning davlatlararo huquqiy himoya mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun: adliya idoralariga har yili 5 mingdan ortiq FHDY organlari, notariat va boshqa huquqiy yordam yoʻnalishlarida MDH aʼzo davlatlari bilan bogʻlik soʻrovlar kelib tushmoqda. Hujjatlar bilan almashish pochta xizmatlari orqali amalga oshirilayotganligi sababli har bir soʻrovni ijro qilish muddati oʻrtacha 2 oydan 6 oyga qadar choʻzilmoqda.
Kengash qarori bilan konsepsiya va uni amalga oshirish boʻyicha yo'l xaritasi tasdiqlandi. Elektron platformani ishlab chiqish uchun adliya vazirliklari mutaxassislaridan iborat doimiy ishchi guruh tuzildi.
Ishtirokchilar Hamdoʻstlik makonida huquqiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, FHDY organlari, advokatura va notariat sohalarini isloh qilish masalalarni muhokama qilishdi hamda kengashning 2027-yilgi ish rejasini koʻrib chiqdilar.