Bangladesh elchisi bilan oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-06-18 09:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Bangladesh oliygohlari bilan mavjud hamkorligini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va ikki diplomli o‘qitish tizimini joriy etish taklif qilindi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, axborot texnologiyalari va muqobil energetika yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, hamkorlikda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish bo‘yicha fikr almashdi.
Shuningdek, innovatsion ekotizimni rivojlantirish, texnoparklar, startaplar va inkubatsiya markazlari faoliyati bo‘yicha tajriba almashish, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzish va amaliy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.