O‘zbekiston IT sektori “Central Asian Business Expo-2025”da taqdim etildi
2025-04-18 09:55:00 / Yangiliklar

Jumladan, “Zero Risk” tashabbusi, “IT Visa” dasturi hamda “Enterprise Uzbekistan” to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.
Ko‘rgazmada Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nutq so‘zlab, O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, autsorsing salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi.
Tadbir doirasida, shuningdek, AQShda faoliyat yuritayotgan o‘zbek diasporasi vakillari, logistika sohasi va boshqa tarmoqlarda ish yuritayotgan kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda IT sohasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Natijada bir qator Amerika kompaniyalari O‘zbekistondagi IT bozoriga katta qiziqish bildirib, yaqin kelajakda hamkorlik yo‘nalishlarini chuqurroq o‘rganish va amaliy loyihalarni boshlashga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.
Ko‘rgazma doirasida, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Illinoys shtatining Bosh nazoratchisi (Comptroller) Susuna A. Mendoza bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistoning IT sohasidagi rivojlanish istiqbollari, yoshlarni raqamli sohada yanada qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: “Central Asian Business Expo” — Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun global biznes hamkorlik platformasi bo‘lib, unda turli sohalardagi yetakchi xalqaro kompaniyalar, investorlar va davlat tashkilotlari ishtirok etadi. 2024-yildagi tadbir IT Park tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, u O‘zbekistonning IT sektori va autsorsing imkoniyatlarini xalqaro bozorda targ‘ib etishga xizmat qilgan.