Batumida Yevropa Kurash Konfederatsiyasining Kongressi bo’lib o’tdi
2025-04-14 10:00:00 / Yangiliklar

Ushbu yirik sport tadbiri, o‘zining xalqaro ahamiyati bilan nafaqat Yevropa, balki butun dunyodagi kurash ixlosmandlarini o‘ziga jalb etdi.
Kongressda sportning rivojlanishiga oid yangi tashabbuslar, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va kelajakdagi musobaqalar haqida muhim qarorlar qabul qilindi.
Kongressning ochilish marosimida so‘zga chiqqan— Gruziya Sport vaziri Shalva Gogoladze va O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adkham Ikramov, o‘z nutqlarida sportda yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida o‘zaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlashdi.
Ular Yevropa Kurash Konfederatsiyasining yangi yutuqlari va sport sohasidagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirdilar.
Vazirlar, ayniqsa, kurashni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish va davlat darajasida qoʻlab-quvvatlashga oid rejalari haqida so‘z yuritishdi.
Kongressda, shuningdek, Yevropa Kurash Konfederatsiyasining Prezidenti Mirampi Iliades, Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi Vitse-prezidenti Ziyoviddin Xodjiniyazov, IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiriy, IKA Administratsiyasi Rahbari Mansur Mirzaev, Konfederatsiya rahbarlari, Yevropa qit’asi Kurash federatsiyalari Prezidentlari va delegatlar ishtirok etishdi.
Kongressda 2026-yilda xalqaro va mintaqaviy musobaqalar kalendari ham muhokama qilindi.
Joriy yilning oxiriga qadar qabul qilinadigan musobaqalar sanalari va ishtirokchi mamlakatlar bilan kelishuvlar bo‘yicha Konfederatsiya tomonidan qo’shimcha rasmiy xabar e’lon qilinishi ma’lum qilindi.
Kongress davomida Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi va AIMS talablariga javob beradigan zarur hujjatlar ishlab chiqilishi va o’z muddatida milliy federatsiyalar tomonidan taqdim etilishi bo’yicha aniq ko’rsatmalar berildi.
Bu talab, ayniqsa, Yevropa davlatlarida sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va musobaqalar o‘tkazishda xalqaro standartlarga moslashish maqsadida qabul qilinayotganligi qayd etildi.
2027 yil Yevropa o‘yinlarida ishtirok etish masalasi ham kongressning asosiy mavzularidan biriga aylandi.
O’yinlar dasturiga Kurash sportini rasman kiritish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo’yicha Konfederatsiya Prezidenti tomonidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek Milliy terma jamoalar uchun tayyorgarlik rejasi ishlab chiqildi, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro koordinatsiya va hamkorlikni rivojlantirishga oid yangi mexanizmlar belgilandi.
Kongress yakunida milliy federatsiyalardan kelgan turli takliflar ko‘rib chiqildi. Federatsiyalar tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar, sportdagi ijtimoiy ahamiyat va yoshlar o‘rtasidagi kurashni yanada rivojlantirish borasidagi fikrlar, delegatlar tomonidan iliq kutib olindi.
O‘zbekiston va Gruziya tomonidan taklif qilingan yangi tashabbuslar, nafaqat Yevropa, balki butun dunyo kurashining yangi bosqichga o‘tishiga yordam berishi kutilmoqda.
Kongress yakunida tashkiliy masalalar ham ko'rib chiqildi va ko'pchillik ovozni qo'lga kiritgan 9 ta davlat kurash federatsiyalari vakillari Konfederatsiya Boshqaruv qo'mitasi azoligiga saylandi.