Sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamkorlik
2025-04-09 09:45:00 / Yangiliklar

Qozog'istonning Ostona shahrida turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a'zo mamlakatlar sog'liqni saqlash vazirlarining beshinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston, Qozog'iston, Ozarbayjon, Qirg'iziston va Turkiya sog'liqni saqlash vazirlari — Asilbek Xudayarov, Akmaral Alnazarova, Teymur Musaev, Erkin Checheybaev, Kemal Memisog'lu, shuningdek, turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek O'muraliev ishtirok etdi. JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge mehmon sifatida taklif qilindi.
Tadbirda TDTga a'zo davlatlarda sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot va farmasevtika sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, turkiy davlatlar tashkilotida ushbu yo'nalishdagi xalqaro tuzilmalarning roli kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda 2025-2026 yillarga mo'ljallangan harakat rejasini tasdiqlash masalasi ko'rib chiqildi. Mazkur rejaga muvofiq hamkorlik yo'nalishlari, xususan, sog'liqni saqlash sohasida ilg'or texnologiyalarni joriy etish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, turkiy mamlakatlarda tibbiy turizm, farmasevtika va transplantasiyani rivojlantirish, tibbiy xizmatlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorligini oshirish kabi vazifalar belgilanadi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek O'muraliev o'z chiqishida tuzilma a'zolari o'rtasidagi hamkorlik va 2023 yilda qabul qilingan harakat rejasini bajarish borasida sezilarli yutuqlarga erishilganini ta'kidladi. Shuningdek, JSST Evropa mintaqaviy byurosining qo'shma loyihalarni amalga oshirishdagi rolini alohida qayd etdi.
Ushbu nufuzli tadbirda so'zga chiqqan Asilbek Xudayarov tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, tajriba almashish dasturlarini kengaytirish va qo'shma ta'lim tashabbuslarini rivojlantirish muhimligini ta'kidladi.
Uning aytishicha, bu – sog'liqni saqlash sohasini jahon standartlariga javob berishining muhim kafolatidir. Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar va hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirish orqali biologik xavfsizlik, mikroblarga qarshi chidamlilikka qarshi kurashish, epidemiologik nazoratni takomillashtirish masalalarini birgalikda hal qilish imkoni yanada kengayadi.
Tadbirda sog'liqni saqlash sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, ekspertlar, olimlar, ta'lim va ilmiy tashkilotlar vakillari o'rtasida o'zaro bilim va tajriba almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo'yicha Vazirlar Qo'shma deklarasiyani imzoladi.
Unga ko'ra, raqamli sog'liqni saqlashning muhim roli e'tirof etilib, TDTga a'zo davlatlar va kuzatuvchi mamlakatlarda raqamli tibbiyot echimlari, jumladan, elektron reseptlardan samarali foydalanish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Hujjatda TDTga a'zo davlatlar va kuzatuvchilar uchun yagona tibbiy ilmiy makon yaratish, qo'shma tadqiqotlar o'tkazish, bu yo'nalishdagi ta'limning yagona standartlarini belgilash va uzluksizligini ta'minlash, sohada axborot-kommunikasiya texnologiyalarini jadal qo'llash, elektron sog'liqni saqlashning yagona tartibini ishlab chiqish orqali bemorlar ma'lumotlarini transchegaraviy almashish taklif etilgan.