O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida “Ausbildung” tizimi orqali hamkorlikda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlanadi
2025-03-27 10:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida texnikumlarda nemis ta’lim dasturi asosida “Ausbildung” tizimini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Mazkur tizim nazariy va amaliy bilimlarni uyg‘unlashtirgan holda kasbni chuqur o‘rgatishga qaratilgan. Unga muvofiq, yoshlar O‘zbekistondagi texnikumlarga o‘qishga qabul qilinib, uch yillik o‘qish davomida birinchi yil O‘zbekistonda, qolgan ikki yil esa Germaniyada amalga oshiriladi. Bunda 1-kurs yakuni bo‘yicha o‘quvchilardan B1 darajadagi nemis tilini bilish talab etiladi.
Germaniyadagi kasbiy ta’lim tashkilotlarida o‘qishni davom ettirgan yoshlar dual ta’lim shaklida tahsil olib Germaniyada ishlash imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Dastur yakunida bitiruvchilarga ta’limni tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjatlar beriladi.
Shuningdek, texnikumlarda dars beradigan pedagog kadrlarning malakasini oshirish “Askania Bildung” kompaniyasi tomonidan tashkil etiladi.
Uchrashuvda mazkur hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi kasbiy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.