Quvaytlik investorlar Oʻzbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda
2024-12-05 11:05:00 / Yangiliklar
Suhbatda Quvayt kompaniyasi vakillari O‘zbekiston quvaytlik yirik investorlar tomonidan ulkan imkoniyatlar mamlakati sifatida e’tirof etilayotganligini ta’kidladilar. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholab, o‘zaro manfaatli yangi loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirdi.
Shu o‘rinda, Quvayt tomoniga sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasi, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi loyiha tashabbuslari taqdim etildi.
O‘zbekiston davlat-xususiy sheriklik dasturi ishtirokchilari uchun ochilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z bordi. Dastur turli sohalarga umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishni nazarda tutadi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz investorlar ishonchi va huquqlarini har tomonlama himoya qilish asosida barqaror rivojlanish va iqtisodiy o‘sishga intilayotganini ta’kidlaydi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Quvayt delegatsiyasi vazirlik tomonidan maxsus biriktirilgan loyiha menejerlarining ko‘magida muhokama qilingan loyihalar ustida ishlash bo‘yicha kelgusida amaliy qadamlar qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun: “Fouad Al-Ghanim and Sons Group of Companies” mashinasozlik, qurilish, energetika, avtomobilsozlik, savdo, kemasozlik, aviatsiya, telekommunikatsiyalar, mehmonxona biznesi va ko‘chmas mulk sohalaridagi eng yirik korporatsiyalardan biri hisoblanadi.