O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni savdo-iqtisodiy hamkorligi ko‘lami kengaymoqda
2024-11-28 14:45:00 / Yangiliklar
Jahon investitsiya konferensiyasining 28-yig‘ilishida 100 dan ortiq davlatdan 3000 nafar vakil ishtirok etdi. Panel sessiyalar va boshqa tadbirlardan tashqari dastur doirasida 21 davlat investitsiya vazirlari darajasida “Paradigma almashinuvi - sanoat siyosati va investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi sinergiyasi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Muhokamalar natijasida, ekspertlar kelgusi yillarda xalqaro investitsiya landshaftiga asosan yashil iqtisodiyotga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish, texnologik rivojlanish, global ta’minot zanjiri va infratuzilmani rivojlantirishni qayta ko‘rib chiqish, demografik o‘sishni ta’minlash kabi omillar ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risidagi hulosaga kelishdi.
Tadbir doirasida Laziz Kudratov investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar konsensusga erishdilar va kelgusidagi hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar, shuningdek, 2025-yilning birinchi choragida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes-forumni o‘tkazish sanalarini kelishib oldilar.
Saudiya Arabistoni kompaniyalari rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida kompaniyalar faoliyatini, imkoniyatlarini, moliyaviy vositalarning mavjudligini va O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlari salohiyatini chuqur tahlil qilingan holda joriy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish jarayonini jadallashtirish, talabga ega boʻlgan mahsulotlar yetkazib berish hajmini oshirish va yangi sarmoyaviy tashabbuslar atroflicha muhokama qilindi.
Umuman olganda, tashrif davomida Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonda yaratilgan investitsiya sharoitlariga ishonchining yuqoriligi hamda boshqa uslublar bilan bir qatorda davlat-xususiy sheriklik va suveren bo‘lmagan moliyalashtirish tamoyillarida uzoq muddatli investitsiya loyihalarida ishtirok etishga tayyorligi qayd etildi.