O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun
2025-07-01 / Voqealar taqvimi
Markaziy bank tomonidan 1991-1993-yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda ko‘p izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi.
⏺1993-yilning 15-noyabridan boshlab to‘lov vositasi sifatida “So‘m-kupon” muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida ma’lum tajribaga ega bo‘lish uchun “So‘m-kupon” o‘tish valyutasi sifatida xizmat qildi.
⏺Ushbu yo‘nalishda yetarli tajriba to‘plangach, 1994-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi “so‘m” muomalaga kiritildi. Dastlab 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200 (1997-yil), 500 (1999-yil) va 1000 so‘mlik (2001-yil) pullar birin-ketin muomalaga kiritildi.
⏺Markaziy bank tomonidan yillar davomida pul sifatini yaxshilash, xavfsizligini oshirish va dizayni borasida tinimsiz izlanishlar olib borildi.
⏺2018-yilda ixcham va yengilroq vaznda yangi dizayndagi tanga pullar – 50, 100, 200 va 500 so‘mlik pullar chiqarildi. Yangi dizayndagi 1000 so‘mlik tanga esa 2022-yilda muomalaga kiritildi.
⏺Naqd pulga doir islohotlarning davomi sifatida banknotlarning yangi dizayni ishlab chiqildi. 2021-yilda 2 000, 5 000, 10 000, 20 000, 50 000, 100 000 so‘mlik va 2022-yilda 200 000 so‘mlik qiymatdagi yangi banknotlar xalqimizga taqdim etildi.
⏺Ushbu banknotlar qog‘oz sifati, himoya qatlamlari borasida eskilaridan ancha farq qiladi. Pullarning dizaynida "Buyuk Ipak yo‘li" va mamlakatimizning tarixiy shaharlari mavzusi aks ettirildi.
⏺Milliy valyuta davlatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi, uning o‘zligini aks ettiruvchi, dunyoga tanituvchi muhim davlat ramzi hisoblanadi. Davlat ramzlariga hurmat bilan muomalada bo‘lish, avvalo, o‘sha xalqning o‘ziga bo‘lgan yuksak e’tiborini ifodalaydi.